Oʻz

Preparatning zaharlilik va xavflilik darajasini aniqlash

29.11.2023

Kalit so‘zlar: oq sichqon, "Miosta H®", preparat, mg/kg.

Kirish

Respublikamiz aholisiga ekologik jihatdan toza va sifatli chorvachilik mahsulotlarini yetkazib berish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida, qoramolchilik sohasida organizm uchun zararsiz bo‘lgan veterinariya preparatlarini qo‘llash va ularning hayvonlar organizmiga hamda mahsulotlari sifat ko‘rsatkichlariga ta’sirini o‘rganish va amaliyotga joriy etish bugungi kunda muhim ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etadi.

Respublikamiz veterinariya amaliyotida qo‘llash uchun tavsiya etilgan «Miosta H®», uning hayvonlar organizmidagi asosiy farmakologik ta’sir xususiyati, jigardan to‘xtovsiz ishlab chiqariladigan endogen «LEAP-2» peptidiga qarshi antitanachalar ishlab chiqarishni stimullashdan iborat. «Miosta H®» preparati qo‘llangandan so‘ng organizmda «LEAP-2» faoliyati to‘siladi va grelinning retseptor bog‘i uzilishi natijasida qoramol ishtahasining oshishiga va oqsillar-quvvat almashinuvining me’yorlanishiga hamda qondagi glyukoza miqdorining barqarorlashishiga olib keladi.

Yuqorida sanab o‘tilgan jarayonlarning me’yorlanishi natijasida qoramollar kunlik vaznining o‘sishi, sut mahsuldorligi va uning yog‘lilik darajasi oshishiga olib keladi.

Endogen LEAP-2 me’yorlashtiruvchi antitanachalarining eng yuqori titri, preparat ikkinchi marta yuborilgandan so‘ng 10-20 kun o‘tib hosil bo‘lishi qayd etilgan.

Shunga muvofiq bizlar ushbu preparatning laboratoriya hayvonlari organizmiga ta’siridagi zaharlilik va xavflilik darajasini aniqlash maqsadida tajriba tadqiqotlarini o‘tkazdik.

Responsive Image

Responsive Image

Tadqiqot obyekti va uslublari

Tadqiqot Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalari universiteti, Farmakologiya va toksikologiya kafedrasi laboratoriyasida, tana vazni o‘rtacha 50 gramm bo‘lgan 36 ta oq sichqonlarda o‘tkazildi. Preparatning zaharlilik va xavflilik darajasi umum qabul qilingan L.I. Medved (1974) tasnifiga muvofiq aniqlanib, baholandi.

Tajribadagi sichqonlar organizmidagi patologik o‘zgarishlar umum ma’lum bo‘lgan usulda veterinariya fanlari nomzodi B.A. Kuliyev bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Tajribadagi sichqonlar yashovchanligi, harakatchanligi, suv va ozuqalarni iste’mol qilishi kundalik nazoratda bo‘ldi. Tajriba davomida sichqonlarda yuzaga kelgan barcha o‘zgarishlar qayd qilib borildi. Tajriba 14 kun davomida olib borildi.

Responsive Image

Responsive Image

Olingan natijalar va ularning tahlili

Dastlab tajribadagi oq sichqonlar teng bo‘lgan 6 boshdan 6 ta guruhga ajratildi. Birinchi guruh sichqonlarga preparatdan mushak orasiga 200 mg/kg, ikkinchisiga – 400 mg/kg, uchinchisiga – 800 mg/kg, to‘rtinchisiga – 1200 mg/kg, beshinchisiga – 1600 mg/kg va oltinchi guruh sichqonlariga esa 2000 mg/kg miqdorida in’eksiya qilindi.

Tajriba davomida oq sichqonlarda zaharlanishning klinik belgilari kuzatilmadi. Ular harakatchan bo‘lib, suv hamda ozuqani doimiy ravishda ixtiyoriy qabul qilganligi kuzatildi. Shu bilan birga tajriba guruhlaridagi oq sichqonlar ajratib olinib, ularning ichki organlari va to‘qimalaridagi patologik o‘zgarishlarni aniqlash maqsadida yorib ko‘rildi.

Natijada tajribadagi oq sichqonlar ichki organlari va to‘qimalarida, xususan, jigarda, yurak to‘qimalarida, o‘pka, taloq, buyraklar va ichaklarda sezilarli patologik o‘zgarishlar sodir bo‘lmagani qayd etildi.

Xulosa

Ushbu preparat oq sichqonlar organizmi uchun kam zaharli, ya’ni 4-sinfga mansub bo‘lgan preparat ekanligi aniqlandi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

  1. Medved L.I. Spravochnik po pestitsidam (gig. primeneniya i toksikologiya). -Kiev.: «Urojay,» 1974. S. 448.

  2. Salimov Yu, Salimova I.Yu, Xatamov T.T, «Farmakologiya va toksikologiya» darslik, Lesson Press. 2023 y. 456 b.

  3. Shadiev K.K. Farmatsevticheskaya promyshlennost: vchera, segodnya, zavtra// Kimyo va farmatsiya, 2002.-Nº3 – C.4-8.

Maqolaning asl nusxasini ko'rish

Tadbirlar

17 May 2024

Miosta Group® kompaniyasi Halol sertifikatini oldi.

Batafsil
1 May 2024

Miosta Group® kompaniyasi O'zbekistonda Respublikasida ishlab chiqarishni yo'lga qo'ymoqda!

Batafsil
2 Fevral 2024

Miosta Group® ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun ro'yxatdan o'tish guvohnomasini oldi

Batafsil